Tarixdan ma’lumki Yevropa va Yunon-Rum davlatlarida asosan tarixiy qal’alar, yoki shunga o’xshash binolar ko’p topilgan. Bu davlatlarni tarix ko’zgusi deyish mumkin. O’zbekistonda esa Samarqand, Buxoro va Xorazm kabi viloyatlarini tarixiy yodgorliklarga boy hududlar qatoriga kiritish mumkin. Ularda asosan milliy naqshlarga boy saroy va madrasalar mavjud.

1434195196_zomin-qoriqxonasi1Ko’pchilikka ma’lumki, Jizzax viloyatining Zomin tumani o’zining ajoyib tabiati, purviqor tog’lari, archazorlari bilan mashhur. Umuman olganda tabiat qo’ynida dam olishni hushlovchilar uchun ajoyib hududdir. Bunga birgina Zomin sanatoriyasini keltirish bilan kifoyalanib bo’lmaydi. Zomin qadimiy manbalarga ham kiritib o’tilgan. Misol uchun, qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tilida ham Zomin bir necha bor jaranglagan. Yunon olimi Ptolomey o’zining «Geografiya» asarida qadimiy shaharlar, Buxoro, Samarqand, Kos, Binkent, Shosh, Farg’ona va Zomin kabi hududlarning jo’g’rofiy koordinatalarini keltiradi. Shu bilan birga Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asarida ham bu joy haqida ma’lumotlar keltirib  o’tilgan. Shunday ekan Zomin ancha qadimiy maskanlardan biri deyishga asos bor. Kim bilsin balki, unda qanchadan-qancha sirlar yashirindir.

Ana shunday tarixiy yodgorliklardan biri Zomin tumanidagi qadimiy  “Miq” qal’asi mavjud. Uning yuqorida sanab o’tilgan hududlardagi saroylardan farqi shundaki unda hech qanday milliy naqshlar yo’q, asosan tog’ toshlari, tuproq va qumga o’xshash moddalar bilan bunyod etilgan.  Bu qal’a ancha qadimiy bo’lsada,  manbalarda keltirilmagan. Bunga sabab yaqin yillargacha u tuproq ostida bo’lgan. 1987 yilda arxeologlar tomonidan o’tkazilgan qazishmalar natijasida uning hozirgi ko’rinishi saqlab qolingan. Qal’a hozirda Zomin tumani milliy bog’i hududiga kiradi. Ya’ni u muhofaza etiladigan ob’yektlar qatoriga kiritilgan.

Hozirgi kunda Zomin milliy tabiat bog’i eng gavjum dam olish maskanlaridan biri. Biz Jizzax viloyat tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi hududiy inspektorlari bilan hamkorlikda Zomin tumani Milliy tabiat bog’i hududidagi «Miq» qal’asini ko’zdan kechirar ekanmiz, qal’a tog’ tepasida, uning uchida joylashgan bo’lib, bir ko’rishdayoq buni haqiqiy mo’’jiza deyish mumkin. Avvalo qal’aning tarixiga bir nazar solaylik. «Miq» qo’rg’oni Zominsuv daryosining irmog’i “Yettikechuv” vodiysining Chortangi darasiga tutash manzilda joylashgan harobalar bo’lib,  qadimda tog’ koni mehnatchilari uchun yashash va tashqi hujumdan saqlovchi makon vazifasini o’tagan. “Miq”  qo’rg’oni harobalarida o’tkazilgan tadqiqotlarda natijasida VI-VII asrlarga taalluqli tangalar, jez buyumlari, mato va temir qoldiqlari topilgan. Jizzax viloyat tabiatni muhofaza qilish qo’mitasi hududiy inspektori O’rozboy akaning aytishicha bu qal’ada avval arablar, keyin xitoyliklar yashab ketishgan. Xitoyliklardan so’ng bu yer “Miq” deb atala boshlangan. Yana bu yerda toshni eritib temir olishga urinishgan ekan. Toshning eritilgan holatdagi temirga o’xshash modda qoldiqlari hozirgacha ham qal’a atrofidan topiladi. Biz ham bir oz qidirib uni topishga muvaffaq bo’ldik. U xuddi temirdek og’ir, ammo temir emas. Taxminlarga ko’ra bu chala qolgan qismi ham bo’lishi mumkin.

“Miq” qal’asi qurilishiga e’tibor qaratadigan bo’lsak, devorlar yuqorida ta’kidlanganidek, tog’ toshlari, qum, tuproq  asosida, devor orasiga esa mustahkam bo’lishi uchun archa tanalari bilan mustahkamlangan.   Bu ochig’i meni hayron qoldirdi. Huddi saroyni qurishdan avval uni archa yog’ochlari bilan qolip yasalgandek tasavvur paydo bo’ldi.  Xonalar esa juda kichik hajmda qurilgan. Bundan tashqari bu qal’a xonalarining o’rtarog’ida balandligi 2 yoki 3 m keladigan chuqurlik ham bor ekan. Kimdir buni zindon deydi, boshqalar esa bir paytlar bu chuqurlikda tilla xumi saqlangan deyishadi.

Qal’ani taxminan V- asrlarga oid deyishadi. Demak U 16 asrdan buyon saqlab kelinmoqda. Tabiatning ta’siri sabab qal’aning ba’zi bir joylari yemirilgan. Ammo u o’z shaklini saqlab qolgan.

Men ekoturizmga qiziqqanligim bois, bu hududlarni kezib ana shunday yangiliklar, noyob joylar haqida ma’lumotlar to’pladim. O’ylaymizki, bu hudud ham olimlar tomonidan qayta o’rganilib yanada aniqroq ma’lumotlar, ilmiy asoslangan faktlar bilan manbalarga kiritilsa ajab emas.

Umida NAVRO’Z

Leave a Reply