Jizzax shahrida kunchiqar tarafga qarab yo‘nalgan asfalt yo‘l guyoki Turkiston tizma tog‘lari hududini Mirzacho‘l sarhadlaridan chegaralab borayotgandey tuyiladi. Necha-necha asrlik kechmish sinoatlarni bag‘rida jamlagan tarixiy va zamonaviy manzaralarni tutashtiruvchi mazkur yo‘l bizni Zomin tumani markaziga olib bordi. Choqqina ko‘rkam shaharcha bo‘ylab ancha yuriladi katta chorraha kelganda esa yo‘limiz unga kerakli manzil sari buriladi. Hiyol vaqt o‘tmay shahardan chiqib ketamiz va ko‘z o‘ngimizda o‘rkach-o‘rkach adirlar namoyon bo‘ladi.

Mashina endi shitob bilan yuqoriga qarab intiladi.

– Bu Zominsuvi, – deydi haydovchimiz, – Endi yo‘lning yarmidan ozi qoldi.

Yana bir oz jadallashib yurgach haydovchi ulkan devorga ishora qiladi:

– Zomin suv omborining to‘g‘oni mana shu…

Nihoyat, tepasiga “Zomin milliy bog‘iga xush kelibsiz” deya bitib qo‘yilgan mahobatli darvozaga keldik.

Yo‘l tobora balandlikka o‘rlaydi. Nihoyat… osmonu falakning yashil olami uzra suzayotgan sutrang yarim oyga o‘xshash, ajoyib bir inshootga nigoh tushadi. Bu dengiz sathidan 2000 metr balandlikda, 1981-1988 yillarda qurilgan, etti qavatli, uzunligi 300 metrga yaqin, 600 o‘rinli “Zomin” sanatoriysi…

Baland tog‘lar og‘ushida Zomin o‘zining betakror tabiati, igna-bargli archazorlari, dorivor o‘simliklari bilan alohida mavqega ega, ko‘rkam tog‘lar, nihoyatda toza havo qalbiga orom, vujudiga shifo istagan har bir kishiga haqiqiy ko‘ngil xushbaxtligina ato eta oladi. Kislorod va ultrabinafsha nurlar bilan yaxshi boyigan havo yuqori nafas yo‘llari va asab tizimi uchun nihoyatda foydali.

Bu joyda o‘tlar yoz bo‘yi sarg‘aymaydi. Tog‘larning salqin shabadasi silab-siypalab turadi. Yonbag‘irlarni mahobatli, go‘zal daralar chegaralaydi. Suv bo‘ylari oqterak, majnuntol va jiydalardan iborat chakalakzor – baland to‘qaylar bilan qoplangan. Uzoq Sharq taygalariga monand baland archalar hatto 800 yoshga etgan. Daraxtlar ko‘lankasida mayning oxirigacha qor erimaydi, son-sanoqsiz buloqlarni boyitib turadi. Mustahkam daraxt ildizlari tog‘ning tik yonbag‘ri tuprog‘ini mahkam ushlab turadi, suv-havo ta’sirida nurashlardan asraydi. Demak, 700 xildan ortiq o‘simlik barq urib o‘sayotgani bejizga emas. Hayvonot dunyosini aksariyat quyon, tulki va jayra tashkil qilsa-da, ba’zida bo‘ri, to‘ng‘iz, ayiq, hatto Turkiston silovsinini uchratish mumkin. Endigina urchiyotgan bir necha juft qora laylak noyob hisoblanadi. Tog‘ kakliklari va ularning yirik turi – tog‘ kurkalari soni esa anchagina. Sog‘lomlashtirish tuzimi tabiatning shifobaxsh kuchi va zamonaviy  tibbiyotning yutug‘ini namoyon etadi.  Sufa tog‘ dovoniga avtomobil yo‘li olib boradi, g‘or ko‘rinishli, toshdan bino etilgan zina va qubbalarga ega Sherbuloqning tog‘ qa’ridan sizib chiqayotgan yaxna suvi, tarkibida kalsiy moddasi serobligi sabab, sovutilgan  sutning shirin ta’mini beradi.

Dam oluvchilar tog‘ so‘qmoqlarida  belgilangan yo‘nalishlar bo‘ylab turli hudud va balandliklarda harakatlanishlari mumkin. Yo‘nalishlar bir tarafga 5 kilometrdan 13 kelometrgacha bo‘lgan masofani egallaydi.

Uzoq tarixga ega Zomin zaminidagi qal’a va qo‘rg‘on xarobalari qadimda o‘tgan Ustrushona davlatining shon-shuhratidan dalolat beradi. Asrlar osha og‘izdan og‘izga o‘tib kelgan rivoyatu hikoyatlar mazkur yurt tarixini afsonalarga burkaydi.

…Zominda bugungi kun afsonasi ham yaralmokda…

Kimlar ekan qarapchi degani?..bilishimcha, Alpomishning tog‘alari…

Turkiy halqlarning eng qadim vakillaridan bo‘lgan o‘zbek eli, qavmlari tarixchi va etno­graf olimlar tadqiq etganlaridek, o‘zining nihoyatda o‘lkan ma’naviy boyligi, bebaho milliy merosi bilan alohida mavqega ega. SHu ma’noda o‘zbek xalq og‘zaki ijodining yirik asari — «Alpomish» dostoni YUNESKO tomonidan jahon ahamiyatiga molik nodir badiiy, qomusiy va ilmiy qadriyat, deb topilgani bejizga emas.

«Alpomish» dostoni Surxon vohasida yaratilgan. Alpomish mana shu bepoyon yaylovlarda, baland tog‘ daralarida gumburlatib ot chopgan, zilol kullaridan suv ichgan, mag‘rur elga munosib pahlavon bo‘lib etishgan.

Bilasiz xalq og‘zaki ijodida Alpomishning asl ismi Hakimbek. Hakimbek degani dardga darmon demakdir. Uni yurt boshiga kun bo‘lib kelgan deydilar, ya’ni, tushuningkim, alp Alpomishning kelgani — xalqning boshiga kun tuqqani… Baxshilar Alpomishning onasini bekorga Kuntug‘mishbeka deb atashmagan, shekilli…

O‘z-o‘zidan tabiiy savol tug‘iladi. Alpomishni tuqqan ona haqida hech o‘ylab ko‘rilganmi? Masalan, deylik, qaerdan va qaysi eldan? Bu to‘g‘risida nimalarni bilamiz?.. Folklorshunos olim To‘ra Mirzaev «Alpomish»da har tomonlama mukammal ishlangan ayol obrazi Barchin hisoblanadi, u davrning yuksak ideallarini o‘zida mujassamlashtirgan, deb yozadi.

Alpomishni qahramonliklarga undagan Qaldirg‘och! Uning Barchinga nisbatan hurmati ba­land. Oqkungil va sofdil. Akasi, qarindosh-urug‘lariga mehrli, shafqatli. Ammo, Kuntug‘mishbekka obrazi borasida bu so‘zlarni aytib bo‘lmaydi. Kaminaning kuzatuviga ko‘ra, dostonda Alpomishga ona hisoblanmish ayolning syujet chiziqlari deyarli bilinmaydi. Voqealar ishtirokida qariyb yo‘q darajada!.

Buni dostonni kuylash (ijro etish) jarayonining qaysi bir o‘rnida yuzaga kelgan holatdan izlansa, to‘g‘ri bo‘lar, balki?

Ammo, «Alpomish” dostonining 2014 yili «Tafakkur» nashriyoti chop etgan Surxondaryo nusxasida (aytuvchi: Xushboq baxshi Mardonaqul o‘g‘li) buning aksi… Kuntug‘mish obrazi bir necha o‘rinda ifodalangan. Xatto Hakimbekning xolasi aks etgan epizod ham bor!..

Dam olish uchun Zominga kelib, kutilmagan ma’lumotlarga duch keldim…

Keling, yaxshisi, avvalo, zominlik shoir Hayot SHodmon qalamiga mansub quyidagi satrlarga e’tibor qarataylik:

…Baxshilarning aytib ketgan bordir so‘zi,

Alpomish ham jiyan ekan bizga o‘zi,

Enalari bo‘g‘an asli Zomin qizi,

Sohibqiron shifo topgan, darmon elim,

Mulki Turon vafo topg‘an, qo‘rg‘on elim…

Alpomishning onasi asli Zomindan ekanligi… O‘zi esa ularga jiyan hisoblanishi… Xalq og‘zaki ijodidan qay bir chashmalar ilhom berib yaratilmish ekan, ushbu g‘aroyib she’riy qatorlar?!

O‘ta qiziq-ku bu, shunday emasmi?!

Xullas, eslab ko‘rilsa, Zomin uzoq-yaqin kechmishda Sotiboldi, Alimbek, Omon, Xudoynazar, YOrlaqab singari baxshi-shoirlar yashagan maskan. Ular o‘z vaqtida boshqa dostonu termalar qatori ”Alpomish»ni ham kuylaganlar. Xususan, qarapchilik YOrlaqab Beknazar o‘g‘li ijro etgan asar jonli ovozda to‘liq yozib olingani xabarini To‘ra Mirzaev qalamiga mansub «Alpomish» dostonining o‘zbek variantlari» kitobidan (163-164-betlar) bilib oldik…

Demak, Qarapchi qishlog‘i. Qarapchi etnonimi…

Og‘a Burgutli taxallusi bilan ijod qilgan zominlik Sattor Qoraboev bu atamaning oltita izohini beribdi. SHulardan eng qizig‘i «Qarapchi» atamasining Pokistondagi Qarochi shahri nomiga bog‘liq jihati…

Xullas, qarapchi o‘zbek eli tarkibida ko‘p sonli bo‘lgan va qadimda juz deya atab kelingan yuz urug‘ining shoxobchalaridan biri hisoblanadi. Surxondaryoda qarapchilar mavjudligini aniqlagan etnograf olima Bilqis Karmisheva, ularning avlod-ajdodlari Jizzax va O‘ratepa tomonlardan bundan 200-300 yillar ilgari ko‘chib kelganliklari haqidagi rivoyatlar saqlanganini keltiradi («Ocherki etnicheskoy is­torii yujnыx rayonov Tadjikistana i Uzbe­kistana», Moskva, «Nauka», 1976, str.224).

Umuman olganda esa, keyingi ikki asrda Surxon va Hisor vohalarida yashab kelgan Hisor yuzlari, Zarafshondan tortib Panjikent, Bekobod va Xo‘jand oralig‘idagi O‘ratepa yuzla­ri bir-biridan farqlanadi.

Har ikki hududdagi yuzlar o‘zaro qavm-qarindosh, og‘a-ini, so‘zlashuvi ham bir xil…

Surxondaryo baxshisi Xo‘shboq Mardonaqul o‘g‘li kuylagan dostonda: «Bizning qo‘ng‘irot — yuz!», deyilgan va… yuqorida keltirganimizdek Kuntug‘mishbeka ko‘p bora tilga olingan.

…Qo‘limga olimlardan Bosim To‘ychiboev, Qozoqboy Qashqirli qalamiga mansub «Zominning til qomusi» kitobini tutqazishdi. Unda shunday satrlar bor:

-Zominliklar azal-azaldan o‘zlarining ildizi qaerlarga borib taqalishiga qiziqib yashashadi. Bu — ularning o‘ziga xos sifatlaridan biri. Shu bois ypyg‘

-Biz — surxondaryoliklarda ham shunga o‘xshash fe’l-atvor uchrab turadi.

400 sahifadan iborat «Zominning til qomusi» kitobiga ana shu «j»lovchi zominliklarning uzoq zamonlar davomida o‘zaro muomalada bo‘lgan, ammo keyingi davrda unutilayozgan lug‘at boyligi jamlangan. Unga so‘z, ibora, maqol, matal, topishmoq, lapar, aytishuv, nom, atama, olqish va boshqa qayta topilmas bebaho adabiy hamda til yodgorliklari kiritilibdi…

…Zomindan Jizzaxga qaytib, Qorayantoq qishlog‘ida tug‘ilgan, iste’fodagi militsiya polkovnigi, do‘stimiz Orziqul Dushanov xonadonida bo‘ldik. U o‘zaro suhbat asnosida:-Bobomdan qolgan bir gapni esladim, — deb qoldi, — Biz aslini olganda qo‘ng‘irot urug‘ining qo‘shtamg‘ali tarmog‘idanmiz. Eroniylar bosqini tufayli Surxondaryodan shu joylarga kelib qolgan ekanmiz. Bobom shunday degandilar!..

…Mana, biz anglamoqchi bo‘lgan gaplarning asl kalitlaridan yana biri!..

Demak, Zomin haqiqatan ham Alpomishning tog‘alariga makon bo‘lgan yurt. Zero, o‘z ildizlarini tobora anglab borayotgan turkiy xalq — o‘zbeklar uchun o‘z zaminida begona yo‘q, uchramaydi ham.

Abdulla XOLMIRZAEV

Termiz-Jizzax-Zomin

Leave a Reply